Mamlakatning qudratini yuksak ma’naviyatli, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avlod belgilaydi
Mamlakatning qudratini belgilaydigan omillar ko‘p. Biroq ularning eng asosiylaridan biri - shu yurtda voyaga yetayotgan yuksak ma’naviyatli, jismonan sog‘lom, har tomonlama barkamol avloddir.
Maktabgacha ta’lim tashkilotarida o‘sib kelayotgan yosh avlod sog‘lig‘ini muhofaza qilish, rivojlantirish uchun jismoniy tarbiya mashg‘ulotlarini to‘g‘ri tashkil etish, ularni muntazam o‘tkazib borish asosiy vazifalardan biri sanaladi. Yuqoridagi vazifalarni ota-onalar va maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamkorligida amalga oshirish yaxshi samara beradi.
Bugun Qashqadaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim kafedrasi katta o‘qituvchisi Sayyora Irisova tashkilotchiligida o‘tkazilgan tadbir ham shu xususida kechdi.
Markazning Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda mazkur yo‘nalish tarbiyachilari malaka oshirish kursi tinglovchilari ishtirokida tashkillashtirilgan “Mahorat darsi”ni Qashqadaryo viloyati Pedagogik mahorat markazi direktori Nozima Oripova kirish so‘zi bilan ochib berdi hamda tadbir ishtirokchilari faoliyatiga omad tiladi.
“Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish” mavzusidagi ma’ruzani kafedra katta o‘qituvchisi Sayyora Irisova hayotiy misollar bilan keltirib o‘tdi.
Shundan so‘ng tadbir qatnashchilari bolalarda madaniy gigiyenik ko‘nikmalarni shakllantirishga mo‘ljallangan integrallashgan va “Qiziqarli matematika” mavzusidagi noan’anaviy mashg‘ulotlarni jamoaviy tarzda namoyish etib berdilar. Ular tomonidan ijro etilgan raqs va navolar tadbirga kayfiyat ulashdi.
Maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari kreativligini oshirish va zamon talabidagi mashg‘ulotlarni o‘tkazishga doir malakasi va tajribasini oshirishga qaratilgan ushbu tadbir ishtirokchilarning mavzu yuzasidan o‘zaro fikr almashishlari hamda o‘tkazilgan tadbirdan olgan taassurotlarini bo‘lishish bilan nihoyalandi.