"Mahorat darsi"dagi mahoratlar
Bugun Qashqadaryo viloyati PYMO‘MM Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim kafedrasi katta o‘qituvchisi S.Irisova tomonidan tashkillashtirilgan “Maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilarini noodatiy usullar orqali maktab ta’limiga tayyorlash” mavzusidagi navbatdagi mahorat darsi mazkur kafedra professor-o‘qituvchilari hamda MTT tarbiyachilari kursi tinglovchilario‘rtasida nihoyatda ko‘tarinki ruhda kechdi.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad - maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachilari kreativligini oshirish hamda ularning zamon talabidagi mashg‘ulotlarni o‘tkazishga doir malakasi va tajribasini oshirishdan iborat bo‘lib, ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etishda xorijiy tajribalardan samarali foydalanish yo‘llarini o‘rgatishdir.
Kafedra katta o‘qituvchiisi S.Irisova tadbir ishtirokchilariga maktabgacha yoshdagi bolalarni maktabga sifatli tayyorlash usullari haqida gapirarkan, bunda tarbiyachilarning pedagogik faoliyatini xorijiy tajribalar asosida tashkil etishda innovatsion texnologiyalarning muhim jihatlari haqida ham o‘z fikrlarini aytib o‘tdi.
Dars MTT tarbiyachilari 1-guruh tinglovchilarining chiqishlari bilan davom etdi. Ular o‘zlarining noodatiy didaktik o‘yinlarini tadbir qatnashchilariga taqdim etdilar.
Mashg‘ulotning asosiy qismi Yakkabog‘ tuman 12-DMTT tarbiyachisi Sh.Karimova tomonidan xorijiy tajrabalar asosida tashkillashtirilgan “Nutq mamlakatiga sayohat” mavzusidagi noodatiy ta’limiy-tarbiyaviy jarayon bilan o‘tdi. Shuningdek, ishtirokchilar ta’lim markazlarida tajribalaridan kelib chiqib, o‘z mahoratlarini namoyish etdilar.
Ishtirokchilar guruhlari tomonidan ijro etilgan turli sahna ko‘rinishlari va badiiy chiqishlar barchaga xush kayfiyat ulashdi.
Tadbirni Maktabgacha, boshlang‘ich va maxsus ta’lim kafedrasi mudiri, dotsent M.Shodiyeva o‘z so‘zi bilan yakunladi hamda tadbir tashkilotchilariga minnatdorchilik bildirdi.
Tadbir so‘ngida ishtirokchilar bo‘lib o‘tgan “Mahorat darsi” yuzasidan o‘zaro fikr almashdilar, jarayon haqida mulohazalarini bildirdilar.