Hududiy pedagogik mahorat markazi direktorining lavozim majburiyati quyidagilar: - Hududiy markaz faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasining “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi, “Ta’lim to‘g‘risida”gi, “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi, “Pedagogning maqomi to‘g‘risida”gi va boshqa qonunlar hamda normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek hududiy markaz Nizomi talablariga rioya qilish; - Hududiy markaz nomidan xo‘jalik shartnomalarini tuzish, xorijiy va mahalliy tashkilotlarda Hududiy markaz manfaatlarini ifoda etish, shuningdek, o‘z faoliyati to‘g‘risida Vazirlikka hisobotlar taqdim etish; qonunchilikka muvofiq o‘z vakolatlari doirasida hududiy markazning moliyaviy mablag‘larini tasarruf etish; - Hududiy markazga ajratilgan byudjet mablag‘larining smetada belgilangan xarajatlar yo‘nalishlari bo‘yicha shuningdek byudjetdan tashqari mablag‘larni ishlatilishini ta’minlash; g‘aznachilik bo‘linmalarida hududiy markazning hisob-raqamlarini va boshqa bank hisob raqamlarini ochish; - O‘z vakolatlari doirasida buyruqlar chiqarish va ishonchnomalar berish; - Hududiy markaz xodimlarini belgilangan tartibda lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod etish; - Direktor o‘rinbosarlari va boshqa mansabdor shaxslarning vakolatlarini belgilash, ular o‘rtasida majburiyatlarni taqsimlash, tarkibiy bo‘limlar va kafedralarga rahbarlik qilish borasida shaxsiy javobgarlik darajasini belgilash; - Direktor o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari va kafedra mudirlarining hisobotlarini eshitish; samarali mehnat qilgan xodimlarni rag‘batlantirish, o‘z ishiga mas’uliyatsizlik bilan yondashgan, o‘ziga topshirilgan vazifalarni o‘z vaqtida bajarmagan xodimlarni o‘rnatilgan tartibda intizomiy javobgarlikka tortish masalalarini hal etish; - Hududiy markaz Kengashi tavsiyalari asosida o‘quv rejalari, dasturlar va ilmiy-metodik ishlar rejalarini tasdiqlash va ma’ruzalar, laboratoriya mashg‘ulotlari, ilmiy-amaliy ishlarning bajarilishi ustidan nazorat qilish; - Pedagogik markazning o‘quv-metodik va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda tinglovchilarga maishiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ishlarni tashkil etish; - Hududiy markaz ichki tartib hamda odob-axloq qoidalarini o‘rnatilgan tartibda tasdiqlash hamda ushbu qoidalar xodimlar va tinglovchilar tomonidan bajarilishini nazorat qilish; - Jamoada sog‘lom ma’naviy va ijodiy muhitni shakllantirish chora-tadbirlarini ko‘rish; Hududiy markazlar faoliyatiga qo‘yilgan sanitariya-gigiyena talablariga, mehnatni muhofaza qilish, texnika va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash; - Maktabgacha va maktab ta’limi pedagog xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishga qo‘yilgan davlat ta’lim talablari, o‘quv rejalari va dasturlar, boshqa o‘quv-metodik hujjatlarning o‘quv jarayoniga joriy etilishini ta’minlash, ta’lim sifatini nazorat qilish; - Hududiy markazda olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot va ilmiy-metodik ishlarni muvofiqlashtirish; - Hududiy markaz, hududiy maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi va hududdagi oliy ta’lim tashkilotlari bilan birgalikda “Ustoz-shogird” tizimi orqali ustuvor bo‘lgan fan sohalari (matematika, kimyo, biologiya, fizika, ona tili va adabiyot, xorijiy tillar, psixologiya, boshlang‘ich ta’lim) bo‘yicha pedagog xodimlar va oliy ta’lim tashkilotlari professor-o‘qituvchilari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini kengaytirish choralarini ko‘rish; bo‘limlar, kafedralar, professor-o‘qituvchilar va xodimlarning vazifalari, mehnat qilish va boshqa huquqlari, funksional vazifalarini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlarni belgilangan tartibda tasdiqlash; - Hududiy markaz direktoriga qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkin.